Odamlar (hikoya) [Abdujalol Rahimov]

Odamlar (hikoya) [Abdujalol Rahimov]
Odamlar (hikoya) [Abdujalol Rahimov]
Osmonda likopchasimon gʻaroyib uchar jism paydo boʻldi. Lekin buni hech kim payqamadi. U bir koʻrinib, bir koʻrinmay pastlay boshladi. Zum oʻtmay, paxta dalasidan ancha uzoqda, kimsasiz qirlar ortida gʻoyib boʻldi.
Uchar likopcha oʻtlari suvsizlikdan qovjiragan maydonga qoʻndi. Bu texnik qurilma koʻrinishidan oʻta mustahkam ma’dandan ishlangan boʻlib, birorta tirqishi koʻrinmasdi. Nogahon qobigʻi quyosh nurida erib ketayotgandek boʻldi. Undan yaltiroq kumushrang kiyimdagi pakana odam baliq singari suzib chiqdi. Oyogʻi yerga tekkach, atrofga alangladi. Kuz quyoshi qizdirayotgan dashtda hech kas koʻrinmadi. U yengil odimlab roʻparadagi qirtepaga koʻtarila boshladi. Yoʻl-yoʻlakay qovjiragan oʻt-oʻlanlarga egilib qoʻlini tekkizib bordi. Qip-qizil mevalari qoqi boʻlib qolgan kovul oldida uzoqroq toʻxtadi. Uni suvsiz qir-adirda yayrab palak otgan oʻsimlik hayratga soldi. Kaftidan kovulning yashil poyasiga ipakdek nozik nur yubordi. Nur qaytganda ajablandi: «Kovulning tomiri roppa-rosa oʻn besh quloch yer ostiga kirib boribdi. Bu nozik oʻsimlik qanday qilib shunchalik chuqur namlikka yetib bordi?».
U bir zum shularni oʻyladi. Qoʻlida kumushrang igna paydo boʻldi. Egilib, uni kovul bargiga sanchdi. Diqqat bilan bilagidagi moslamaning monitoriga tikildi va hayratdan koʻzlari katta-katta ochildi. Monitorda kovul poyasi, mevasi, tomiri tarkibidagi birikmalarning uzundan-uzoq roʻyxati koʻringandi. Pakana odam kovulning ushbu sayyora aholisida uchraydigan nafas qisishi, oshqozon, jigar xastaliklariga davoligini tushundi. Ogʻriq qoldirish, gijja haydash, yaralarni bitirishda foydalansa boʻlarkan!
«Hali bu oʻsimlikning sirlari ochilmagan, – degan xulosaga keldi u. – Kovul sayyoradagi gʻaroyibotlardan biri! Toʻgʻri, u bundan avval Yerning Sharq qismida qizil kedr daraxti ignabarglarida kuchli antibiotik borligini aniqladi. Hindistonda yomgʻir yogʻishidan darak beruvchi, Gruziyada yer ostida gullaydigan oʻsimliklarni ham uchratdi. Lekin suvsiz qirda oʻsgan kovul bu sayyora odamlari uchun tabibi gʻaybning oʻzginasi! Ajab, ular qanday odamlar?»
Pakana savoliga javob izlab uzoqdagi paxta dalasiga qaradi.

* * *
Paxta terimi ayni qizigan paytlar edi. Kun tikka kelgan. Dala shiyponida Ergash bilan Zulxumordan boshqa hech kim qolmadi. Ishchilar ovqatlanib, katta paykalning etagiga tushib ketishdi. Ayollar fermer xoʻjaligi ajratgan avtobusda markazlashtirilgan bogʻchaga joʻnashdi.
Zulxumor radiodan berilib qoʻshiq eshitardi. Yoniga Ergash kelib oʻtirdi. Beixtiyor harakat bilan doʻppisini toʻgʻirlagan boʻldi-da, Zulxumorning qoʻlini ushladi.
– Jim! – deya qiz qoʻlini tortdi. – Jim! Eshiting, Botir Zokirov ashula aytyapti. Biram yaxshi koʻraman!
Zulxumor ashula ohangiga mos tebrana boshladi.
– Kimni? – qizni gapga solmoqchi boʻldi Ergash.
– Botir Zokirovni-da... ashulasini.
– Meni-chi? – Ergashning quyoshda qoraygan baquvvat qoʻllari qizni ikki oʻrim sochlariga tegajoqlik qila boshladi.
– Men boshqacha yaxshi koʻrishni aytyapman, – labini burdi qiz. – Tavba, qoʻshiq eshitasizmi, yoʻqmi? Sizniyam bolalik ayollarga qoʻshib joʻnatish keragidi.
Zulxumor oʻzining hazilidan zavqlanib kulib qoʻydi.
– Hali vaqtliroq-da, – ogʻzining tanobi qochib dedi yigit. – Keyin... siz bilan birga koʻrib kelaveraman.
Zulxumor gapidan pushaymon boʻldi. Yuzi lov- lov yonib, oʻrnidan turdi. Devorda osigʻliq radioning ovozini koʻtardi. Xonanda yuraklarni sel qilib kuylardi: intizor oshiq yorini zor-zor boʻlib chorlayapti. Unga chamanlarni, kuylayotgan bulbullarni hadya etadi. Ergash ham borgan sari qudrati ortib borayotgan sohir ovozga quloq tutdi...
Shu payt bexosdan radio oʻchdi. Zulxumor alam bilan simni tortqiladi.
– Voy, qurib ketgur-ey, – kuyinib tipirchilardi qiz. – Qarang, Ergash aka, bunga bir balo boʻldi. Eng yaxshi koʻrgan qoʻshigʻimidi-ya!
Ergash zavqlanib Zulxumorga tikilib turganida radiodan asabga teguvchi chiyillagan, gʻoʻrillagan ovozlar eshitildi. Shovqin tingach, kimdir ularning ismlarini aytib chaqirdi:
«Ergash! Zulxumor! Bizni eshityapsizlarmi?»
– Voy! – choʻchib tushdi Zulxumor. – Bu nimasi, Ergash aka, eshitdingizmi?
– Eshitdim, – ajablandi Ergash ham.
Radiodan yana boyagi tovush eshitildi:
«Ergash! Zulxumor! Bizni eshityapsizlarmi? Javob bering!»
Bu gʻayritabiiy holatdan Zulxumorning tomogʻi qaqrab qoldi. Atrofga alanglab hech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, hayrati ortib, Ergashning yelkasiga suyandi. Bundan dadillangan yigit atrofga alanglab qaradi-da:
– Eshityapmiz, – dedi sekin. Keyin oshxonaga kirib bir piyola suv olib chiqdi.
«Yaxshi! – doʻrilladi boyagi ovoz. – Qoʻrqmanglar, biz hozir siz-z-ning huzuringizga boramiz».
– Siz kimsiz oʻzi?! – Zulxumorni soʻriga yetaklayotgan Ergash yana atrofga alangladi.
Shu lahzada shiypon oldida past boʻylik, bugʻdoyrang yuzli odam paydo boʻldi. Uni koʻrib Ergashni eti junjikib ketdi. Pakananing boshida bir tola ham soch yoʻq. Bir juft qop-qora koʻzlari silliq yuzining roppa-rosa yarmini egallagan. Qattiq qimtilgan ingichka lablari nax qulogʻigacha yetadi. Egnidagi yaltiroq kumushrang, uchuvchilarnikiga oʻxshash kiyimi dalaning yengil shabadasida sirli shatirlaydi.
– Qoʻrqmang, biz Kavsar sayyorasidan uchib kel-gan-mizz. Biz oʻzga sayyoralik mehmon! – Uning doʻrillagan ovozi eshitildi.
Orqasini oʻgirib oʻtirgan Zulxumor ovoz kelgan tomonga yalt etib qaradi. Qaradi-yu, shu zahoti Ergashning suv tutib turgan qoʻliga yopishib oldi. Paxta gulli piyoladagi suvning yarmi yerga toʻkildi. Ergash suvning qolganini Zulxumorga ichirdi.
– Kim bu, qoʻrqyapman?! Jon Ergash aka, yuring, tezroq dam olish xonasiga kirib qulflab olamiz!
U Ergashga iltijoli termuldi. Zulxumorning mohvash chehrasiga qarab yigitning mehri joʻshdi. Bilinar-bilinmas titrayotgan qoʻlini boshiga qoʻyib, sochlarini siladi:
– Qoʻrqmang, Zulxumor, men yoningizdaman!
Ergash oldinga oʻtib Zulxumorni pana qildi.
– Hoy, rostingizni ayting, kimsiz oʻzi? «Biz- biz» deysiz. Bir – oʻzingiz-ku, u yerda?.
Ergash qizni pana qilganini koʻrib Pakana kuldi. Beoʻxshov lablari orasidagi mayda tishlari yaltirab ketdi.
– Biz Kavsar sayyorasidan, oʻzga sayyoralik, – javobini qaytardi. – Markaz elchisi men bilan birga. – U qoʻlidagi qutichaning yonib-oʻchayotgan qizil tugmachasiga ishora qildi.
– Xoʻp, sizga nima kerak? – Ergash yangi ungan maysadek mayin moʻylovini qishloq yigitlariga xos bir harakat bilan silab qoʻydi.
Pakananing ovozi radiodan eshitilayotganini endi payqadi. Gapirayotganida lablari qimirlamasdi. Ayrim soʻzlarni juda tez talaffuz qilar, ba’zan nimagadir tutilib qolardi. U quyosh nuri aks etib yaltirayotgan kiyimini shildiratib bir-ikki qadam oldinga yurdi.
– Toʻxtang! Zulxumor qoʻrqyapti, – dedi oʻjarlik bilan Ergash.
– Yaxx-shshi! – U joyida toʻxtadi. – Savolingizga javob bera-mann. Bizz Markazz topshirigʻi bilan Yer sayyorasini oʻrganamizz. Paxta oʻsimligi. Fermer-rlarr haqida ma’lumot toʻplaymizz.
– Unda, fermerga uchrashing-da, oldin.
– Sizlar bilan suhbatlashamizz. – Pakananing labida tabassumga oʻxshash bir ifoda jilva qildi.
– Mayli! – Ergashniyam dangalchiligi tutdi. – Muxbirga oʻxshab savol berasiz-da? Mana, Zulxumor eng zoʻr terimchi! Biz hozircha, oddiy suvchi... Soʻrayvering, bexijolat... Xafa boʻlmang-u, savol-javobni tezroq bitirsak, aka. Shu desangiz, tushunasiz-ku, Zulxumorxonga bir-ikki ogʻiz gapim boridi. Hozir ayollar kelib qolishadi...
Pakananing lablarida yana tabassum paydo boʻldi:
– Yax-shi koʻrasiz?
– Ha-da, – jilmaydi yigit.
– Istaysizmi, bir zumda toʻy boʻladi?
– Yoʻq! – xitob qildi shu paytgacha ters oʻgirilib jim oʻtirgan Zulxumor. – Qiziq odam ekansiz, unaqasi boʻlmaydi.
– Bizda hammasi tez bajarilad-di, – dona-dona qilib doʻrilladi Pakana.
– Bizda undaymas, – sekin pichirladi qiz.
Pakananing gapi Ergashga ma’qul tushgandek boʻlgandi. Jilmayib ham qoʻydi. Lekin Zulxumorning e’tirozi oʻylantirdi: «Bu oʻzga sayyoralikka ishonib boʻladimi! Shundayam Zulxumor bilan munosabatlari binoyidek. Bu odam oralarini buzib qoʻyishi hech gap emas.» Hammasini taroziga solib, Ergash shunday xulosaga keldi.
– Ha, – deya Zulxumorning gapini tasdiqladi. – U yogʻini oʻzimizga qoʻyib bering, aka.
Pakana jim boʻlib qoldi. Chamasi, u Markaz bilan bogʻlandi.
– Paxta ter-yap-siz? – dedi keyin.
– Ha-da! – «Shuniyam soʻraydi-ya» degandek yigitning ensasi qotdi.
– Qa-chon tu-gay-di?
– Kuzning oxirlarida. Ob-havo yaxshi boʻlsa, harakat qilyapmiz.
– Istaysizmi, bir zum-da te-rib olasiz?
Ergash Pakanaga ajablanib qaradi. Doʻppisini qiyshaytirib boshini qashib turdi-da, «Qaniydi!« dedi.
Pakana shu zahoti qoʻlidagi qutichaning tugmasini bosdi. Koʻz ochib yumguncha paxta ortilgan oʻnlab telejkalar dala yoʻliga tizildi. Ergashning hushi boshidan uchdi. Uch-toʻrt qadam oldinga yurib, oʻn olti gektarlik paykalga qaradi. Hozirgina oppoq chanoqlar bodroqday tizilgan gʻoʻza tuplari ship-shiydam boʻlib qorayib qolgandi. Yigitning tiliga kalima kelmasdi. Zulxumorni oldiga qaytib, sekin yelkasidan ushladi:
– Qarang!
Zulxumor hammasini koʻrgan va ajablanib yoqasini ushlab turardi. Ergashga munis nigoh bilan boqdi:
– Yoʻq, bunaqasi ketmaydi! – dedi jiddiy.
Ergash ham Pakanaga qarab «yoʻq» ishorasini qildi.
– Nima uch-chun? – ajablandi Pakana.
– Bunaqasi qizigʻamas, aka, – dedi Ergash. – Oʻzimiz tervolamiz, oʻrganib qolganmiz. – Yana bir oz taraddudlanib turdi-da, qoʻshib qoʻydi: – Ikki oy bekor qolamiz-ku? ...Terim tugasa Zulxumorni ayasi dalaga chiqarmaydi, – Ergash hazilga oʻtdi.
– Xa-xa-xa-xa! – Pakana doʻrillab kuldi.
U bir oz «xa-xa-xa»lab turdi. Keyin qoʻlidagi qutichaning tugmasini yana bir marta bosdi. Shu zahoti shiypon qarshisidagi paxta ortilgan telejkalar koʻzdan yoʻqoldi. Roʻparadagi paxtazor oppoq chanoqlarga burkandi.
– Ish bunaqa boʻpti, – dedi Ergash koʻngli joyiga tushib. Keyin soʻriga, Zulxumorning yoniga oʻtirdi. – Keling, aka, bir piyola choy quyib beraman. Ana undan keyin savolingizni beraverasiz.
Pakana beoʻxshov boshini sarak-sarak qildi:
– Ma’lumot yetarli. Markaz tas-diq-la-di! Siz-z shunday odam-mlar-ki!..
– Qanday?
Ergashning gapi ogʻzida qoldi, Pakana yerga kirdimi yoki osmonga uchdimi – birdan gʻoyib boʻldi.
Ergash shiypondan yugurib chiqib, atrofga alangladi. Asfaltlangan maydonga yoyib qoʻyilgan paxta quyosh nurlarida koʻzni olib tovlanadi. Radiodan Botir Zokirovning sehrli ovozi taralmoqda... «Bogʻimga noz ila yor kel, quvnoq ovoz ila yor kel...». Ergash shiypon tomonga oʻgirildi. Zulxumor berilib qoʻshiq tinglardi.
U sekin qiz tomonga yurdi.

* * *
Pakana yana oʻzi bargiga igna sanchib ketgan kovul oldida paydo boʻldi. Ignadan bilagidagi qabul qilish moslamasiga hamon axborot oqimi quyilib kelardi. Bu axborotda kovul gulining tarkibidagi darmondorilar, ildizining sharbati odamlarda qon ivishini tezlatishi va yana allaqancha omillar bor edi. Ayniqsa, kovuldan saraton kasalligining oldini olish va davolashda, inson umrini uzaytirishda foydalanish mumkinligi uni lol qoldirdi...
Pakana bu axborotlarni sayyora odamlariga yetkazmoqchi edi. Ergash va Zulxumor bilan uchrashganidan keyin fikridan qaytdi. "Bu sir-sinoatlarni yaqin orada odamlarning oʻzlari yechishadi« degan xulosaga keldi.

U kovul bargidagi ignani sugʻurib oldi. Keyin pastga, uchar likopcha tomonga odimladi.
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика