“Bog‘lar, xuddi demokratiya kabi, rivojlantirilishi va himoya qilinishi kerak” — AQSH elchisi

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik bog‘lar va toza havoni targ‘ib qilayotgan fuqarolarning sa’y-harakatlarini olqishladi. 3-may kuni u AQSH mustaqilligining (bu sana — 4-iyul, ammo diplomatik missiya uni ertaroq nishonlaydi) 248 yilligiga bag‘ishlangan marosimda nutq so‘zladi. Tadbirda bosh vazir Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar ishtirok etdi.

Har yili 330 milliondan ortiq amerikalik va chet ellik sayyoh Yosemite, Yelloustoun, Grand Kanyon va boshqa ko‘plab bog‘larimizda muhofaza etiladigan ajoyib tabiat go‘zalligidan bahramand bo‘lishadi. Darhaqiqat, yoz oylarida oilangiz bilan mashinada milliy bog‘larni ziyorat qilish maqsadida safarga otlanishdan ham ortiqroq amerikacha anʼana mavjud emas, — deydi elchi.

“Biroq ko‘pchilik, ehtimol, bimagan narsa shundaki, oddiy, ammo inqilobiy g‘oya bo‘lmaganda, ushbu bog‘lar bugungi kunda mavjud bo‘lmas edi. Bu g‘oyaga ko‘ra, ushbu hayratomuz manzalaralar imtiyozlarga ega ozchilik uchun emas, balki hamma uchun birday tegishli bo‘lgan xazinadir. Prezident Franklin Ruzvelt bu g‘oyaga mana bunday ajoyib taʼrif bergandi: ‘Bizning milliy bog‘larimizdan ham ortiqroq amerikacha hech narsa yo‘q… Milliy bog‘lar ortidagi asosiy g‘oya shuki, mamlakat xalqqa tegishlidir’ ”, — deydi Jonatan Henik.

Elchining ta’kidlashicha, bu bog‘larni barpo etish oson bo‘lmagan. Ekologlar va tabiatni muhofaza qiluvchilar yog‘och, tog‘-kon sanoati, energetika va boshqa manfaatlar borasida bahslashdi va oxir-oqibat g‘alaba qozongan. Natijada AQSHning milliy bog‘lari ko‘pincha Amerikaning “eng yaxshi g‘oyasi” deya taʼriflanadi va yer ham xuddi erkinlik kabi qadrlanishi, himoya qilinishi hamda hamma uchun ochiq bo‘lishi kerak, degan fikrni ilgari suradi. Bu go‘zal qo‘riqxonalar nafaqat tabiat mo‘jizalarni saqlab qoladi, balki ular demokratiyaning ham o‘ziga xos ramzi sanaladi.

Xuddi shunday jarayon hozir O‘zbekistonda ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston vatandoshlari bog‘larni ko‘paytirish hamda, albatta, o‘zlari nafas olayotgan havo va ichadigan suvni muhofaza qilishni targ‘ib qilishmoqda. Iqtisodiy o‘sish va tabiatni asrashga bo‘lgan ehtiyojni muvozanatlash oson ish emas. Bunda nafaqat hukumat, balki fuqarolik jamiyati, ommaviy axborot vositalari va vatandoshlarning ham faol ishtirok etishi zarur. Gap O‘zbekiston haqida bo‘ladimi yoki Qo‘shma Shtatlar haqida bo‘ladimi, xalqlarimiz o‘z huquqlarini himoya qilish va tegishli siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etish erkinligiga ega bo‘lsalar, mamlakatlarimiz yanada kuchliroq va atrof-muhitimiz yanada xavfsizroq bo‘lishi aniq, — deydi u.

Jonatan Henik demokratiyaning o‘zi kabi parvarish etilishi, himoya qilinishi va asrab-avaylanishi kerak bo‘lgan bog‘lardan ilhom olishda davom etishga chaqirdi. “Keling, birgalikda ushbu tabiiy manzaralardan bahramand bo‘laylik hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari va O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam munosabatlarga asos bo‘lgan va xalqlarimizni porloq kelajak sari yo‘naltiruvchi umumiy majburiyatlarni esga olaylik”, — deya yakunlagan elchi.

Avvalroq O‘zbekistonda o‘rmon fondi yerlari 1 million gektarga kengaygani, 250 milliondan ortiq daraxtning raqamli xaritasi yaratilgani, O‘zbekistonda “Eng toza mahalla” tanlovini o‘tkazish tartibi e’lon qilingani to‘g‘risida xabar berilgandi.


Joylangan vaqt : (5 May 2024 07:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика