Buxoroda o‘zganing nomiga 16 mln so‘m onlayn kredit olgan 23 yoshli ayol ushlandi

Buxoro viloyatida bir martalik moddiy yordam puli bahonasida bir ayolning nomiga salkam 16 million so‘m kredit rasmiylashtirgan shaxs ushlandi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Jondor tumanida yashovchi 35 yoshli (ayol) O.S. IIOga murojaat qilib, nomiga nomaʼlum sabablarga ko‘ra 15 million 970 ming so‘m onlayn kredit rasmiylashtirilganini maʼlum qilgan.

Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik bo‘linmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni shu tumanda yashovchi 23 yoshli R.M. ismli ayol sodir etgani aniqlangan.

Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan R.M. jabrlanuvchi O.S.ga o‘zini Maqsuda deb tanishtirib, mahallada ishlashini hamda bir martalik moddiy yordam puli olishda yordam qilishini aytib, uning bank mobil ilovasi orqali onlayn kredit rasmiylashtirgan va o‘sha vaqtning o‘zida o‘zining bank kartasiga o‘tkazib olgan.

Mazkur holat yuzasidan R.M.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatida o‘zini bank xodimi deb tanishtirib, o‘zganing nomiga kredit rasmiylashtirgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. 


Joylangan vaqt : (5 May 2024 07:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика