Rossiya kompaniyalari Euroclear’dan muzlatilgan mablag‘larini qaytarib oldi

Rossiyaning bir nechta kompaniyalari Euroclear depozitlarining C toifadagi hisobvarag‘idan o‘z mablag‘larini qaytarib olishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda  “Vedomosti” xabar berdi.

“Rosbank”, “Gazprom”ning sho‘ba korxonasi bo‘lgan Leader, “VEB.RF” sudda g‘alaba qozonganidan keyin pul mablag‘larini qaytarishda muvaffaqiyatga erishdi, — deya ta’kidlaydi nashr.

“Rosbank”ning huquqiy masalalar bo‘yicha direktori Aleksandr Kudryavtsev mazkur ma’lumotni tasdiqlagan.

“Vedomosti”ga ko‘ra, hakamlik sudlari Euroclear’ga qarshi to‘rtta da’voni qanoatlantirgan — “Rosbank”, Leader, MTS Bank va “Bank Sankt-Peterburg”, yakka tartibdagi investor tomonidan Euroclear’ga qo‘yilgan yana bir da’vo esa umumiy yurisdiksiya sudi tomonidan qanoatlantirilgan.

Bu ishlar bo‘yicha jami 18,4 milliard rubl (taxminan 187,4 million yevro) qo‘lga kiritilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Belgiyada joylashgan Euroclear depozitariysida Rossiya-Ukraina urushi tufayli joriy etilgan sanksiyalar natijasida muzlatilgan Rossiya aktivlari saqlanadi.


Joylangan vaqt : (4 May 2024 23:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика