Isroilning G‘azo sektoriga qilgan so‘nggi hujumida 26 kishi halok bo‘ldi — G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi

G‘azo sektoriga Isroil mudofaa kuchlari tomonidan amalga oshirilgan hujumlar oqibatida kamida 26 nafar falastinlik halok bo‘lgan. Bu haqda G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi tarqatgan maʼlumotlarga asoslanib, Anadolu nashri xabar berdi.

Manbada aytilishicha, so‘nggi 24 soatda hujumlarda halok bo‘lganlar soni 26 nafarga yetgan. Kamida 51 nafar fuqaro tan jarohati olib, shifoxonalarga jo‘natilgan. Rasmiylar yaqin orada qurbonlar soni oshishi mumkinligini bildirgan.

“Isroil bosqinchilari G‘azo sektorida o‘tgan 24 soat ichida uchta qirg‘in amalga oshirdi. Buning natijasida 26 kishi halok bo‘ldi va 51 kishi yaralandi”, — deyiladi vazirlik bayonotida.

Hujumdan so‘ng ko‘plab fuqarolar vayronalar ostida qolib ketgani xabar qilingan. Hududga qutqaruv guruhlari va yordam berishni istagan ko‘plab mahalliy ko‘ngillilar jalb qilingan.

Maʼlumotlarga ko‘ra, oktyabr oyidan beri G‘azo sektorida kamida 34 622 falastinlik, asosan ayollar va bolalar halok bo‘lgan. Yaralanganlar soni 77 867 nafarga yetgan..

BMT maʼlumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azoga qarshi urushi oziq-ovqat, toza suv va dori-darmonlarning keskin tanqisligi sharoitida hudud aholisining 85 foizini ichki ko‘chishga majbur qilgan. Anklav infratuzilmasining 60 foizi shikastlangan yoki vayron bo‘lgan.

Isroil Xalqaro sudda genotsidda ayblanmoqda. Sudning yanvar oyida chiqargan qarori Tel-Avivga genotsid harakatlarini to‘xtatish va G‘azodagi tinch aholiga gumanitar yordam ko‘rsatilishini kafolatlash choralarini ko‘rishni buyurdi. Isroil talablarni ochiqcha rad etdi.


Joylangan vaqt : (4 May 2024 19:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика