Timur Kapadze va Jasurbek Jaloliddinov U-23 Osiyo Kubogi finali oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi

Futbol bo‘yicha U-23 Osiyo Kubogi finalida O‘zbekiston va Yaponiya terma jamoalari o‘zaro to‘qnash keladi.

Uchrashuv oldidan O‘zbekiston bosh murabbiyi Timur Kapadze hamda terma jamoa futbolchisi Jasur Jaloliddinovlar matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Ertaga qiziqarli uchrashuv kutib turibdi. Bir biriga munosib ikki jamoaning o‘yiniga guvoh bo‘lamiz. 2 yil avvalgi Osiyo kubogida ular kabi biz ham yosh tarkib bilan harakat qilgan edik. Shuningdek, finalga yetib kelgani va Parij—2024 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgani bilan Yaponiya jamoasini qutlayman. 

Ertaga raqibning o‘yin uslubi haqida

Ikkala jamoa bir-birini yaxshi biladi. Ularning o‘yinlarini tahlil qilib chiqdik. Final uchun tayyorlagan rejamiz bor va shunga asosan o‘yin ko‘rsatamiz.

Olimpiada yo‘llanmasi o‘zbek futboli uchun qanday ahamiyat kasb etishi haqida

Biz bu natijadan juda ham xursandmiz. Zero, futbolimiz tarixida dastlabki Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdik. Bizgacha jamoalarimiz harakat qilishgan edi. Lekin qaysidir pallada ularga omad yetishmagan. Olimpiada litsenziyasi kuchimizga yanada kuch qo‘shmoqda. Ertangi finalda yanada yaxshi o‘ynashga harakat qilamiz.

Legionerlarning finalda ishtirok etolmasligi haqida

Agar legionerlarimiz finalda ham ishtirok etishganida, boshqacha bo‘lar edi. Lekin biz Qatarga 11 ta emas, 23 ta futbolchi bilan tashrif buyurganmiz. 3 nafar o‘yinchi ketgani bilan u qadar katta o‘zgarish bo‘lmaydi. Har bir o‘yinimiz ko‘rsatdiki, jamoada ularning o‘rnini to‘ldira oladigan yigitlar bor va ular buni bildirishmaydi. Fursatdan foydalanib, mezbonlarga ajoyib tashkilotchilik va mehmondo‘stlik uchun jamoam nomidan minnatdorchilik bildirib qolaman.

Timur Kapadze, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi

Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi va finalga chiqqanimiz bilan butun xalqimizni tabriklayman. Ertangi o‘yinga ham munosib tayyorgarlik ko‘rib, yaxshi natija ko‘rsatishga harakat qilamiz. 

2022-yilgi Yaponiyaga qarshi o‘yin haqida 

Avvalgi musobaqadan yaxshi xotiralar bor. Chiroyli g‘alaba bilan final yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edik. Lekin raqibimizga hurmat bilan yondashamiz va ertangi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishda davom etamiz.

Jasurbek Jaloliddinov, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi futbolchisi

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi uchrashuv 3-may kuni 20:30 da start oladi.


Joylangan vaqt : (3 May 2024 12:04)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика