“Qozog‘iston va Qamchiqda yog‘ayotgan qor havoni pastroq sezish hodisasini keltirib chiqarmoqda” — iqlimshunos

Bugun, 27-aprel kuni tunda Qozog‘istonning markaziy qismlarida va Qamchiq dovonida qor yog‘moqda. Bunday havo harorati O‘zbekistonga qay darajada ta’sir qilishi yuzasidan iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov “Daryo” nashriga ma’lumot berdi.

Olimning aytishicha, sovuq antisiklon Qozog‘istonning Qarag‘anda shahri ustidan o‘tmoqda va bu avvalroq prognoz qilingan.

“Kazgidromet” prognozlarida mamlakatning shimoliy hududlari -10 darajagacha sovib ketishi aytilgan edi.

O‘zbekistonning tog‘li hududlarida — dengiz sathidan 2 kilometr yuqorida 0 darajaga yaqin harorat kuzatilmoqda. Qozog‘istonning markaziy hududlarida esa harorat 0 darajadan past va qor bor”, — dedi Erkin Abdulahatov.

Uning taʼkidlashicha, bunday havo haroratini inson tanasi, fiziologiyasi real qiymatdan pastroq qiymatlarda “his qilishiga” olib keladi.

“Joriy antitsiklonning kirib kelishi tog‘larda havoning to‘yinishini va yog‘ayotgan yog‘ingarchilikni kristall ko‘rinishga olib keladi, bu qor degani. Joylarda antitsiklon kirib kelishida shamollar kuzatilib, havo harorati tez pasaymoqda. Bu haroratni his qilish ham shamol hisobiga sezilarli past. Masalan, havo harorat +20 daraja bo‘lganda 5-6 metr/sekund tezlikda shamol esayotgan bo‘lsa, inson tanasi havoni 7-8 daraja iliq his qilishiga olib keladi. Bu his qilish jarayoni deyiladi. Bunday havo harorati respublikaning katta hududida, jumladan, Toshkentda ham kuzatilmoqda”, — deydi iqlimshunos olim.

“O‘zgidromet” bunday havo O‘zbekiston hududiga qanday ta’sir qilishi, sovuq urish prognozlari haqida ma’lumot bergani yo‘q. Ekin va hosillarga xavf bormi, agar bo‘lsa ular buni kamaytirish bilan bog‘liq himoya choralarini ko‘rishi haqida ko‘rsatma mavjud emas.


Joylangan vaqt : (29 Aprel 2024 07:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика