Surxondaryoda ota o‘zi bilan yashashni xohlamagan o‘g‘lini kaltakladi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zi bilan yashashni xohlamagan o‘g‘lini kaltaklayotgan ota haqida video tarqalgan edi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan ma’lumot berdi. 

Aniqlanishicha, 2024-yilning 23-mart kuni E.Y. (Surxondaryo viloyati, Denov tumanida tug‘ilgan, voyaga yetmagan) Toshkent shahar, Chilonzor tumanida tog‘asiga tegishli qurilish mollari do‘konida bo‘lgan vaqtida otasi M.X. (1981-yilda tug‘ilgan) kelib, E.Y.ni o‘zi bilan olib ketishini aytgan. E.Y. u bilan ketishni xohlamasligini, otasi bilan onasining o‘zaro janjallari sabab ular bilan birga yashamasligini ma’lum qilgan. Otasi zo‘rlik ishlatib olib ketmoqchi bo‘lgan. 

Mazkur holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. O‘rganish davomida aniqlanishicha, bu oilada er va xotin o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik holatlari muntazam ravishda kuzatilgani sababli joriy yilning 2-fevral kuni O‘rta Chirchiq tumani IIB tomonidan M.X. ni tazyiq harakatlarini cheklash maqsadida uning turmush o‘rtog‘i S.M. ga himoya orderi berilgan. 

O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari natijasiga ko‘ra, ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar qonuniy hal etilishi uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati, Denov tumani sudiga yuborilgan.

2024-yilning 27-aprel kuni M.X. sud tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-(mayda bezorilik) va 185 (2)-moddalari (sovuq qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish) bo‘yicha aybdor deb topilib, unga 5 sutka qamoq jazosi tayinlandi.


Joylangan vaqt : (29 Aprel 2024 07:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика