AQSH Ukrainaga qachon qo‘shin yuborishi ma’lum qilindi

AQSH Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushga aralashib, jangovar hududga qo‘shinlarini yuborishi mumkin. Bu haqda Vakillar palatasida Demokratik ozchiliklar yetakchisi Xakim Jeffrisga tayanib, CBS News xabar berdi.

Ukrainaning qulashiga yo‘l qo‘ya olmaymiz. Agar shunday bo‘lsa, Amerika nafaqat pul, balki harbiy xizmatchilar bilan ham konfliktga aralashishi imkoniyati katta, — dedi Jeffris.

U agar Ukraina g‘alaba qozonsa, Rossiya prezidenti Vladimir Putin “to‘xtamasligi” va NATO davlatlariga tahdid solishini aytdi.

G‘arb davlatlaridan Ukrainaga qo‘shin yuborish haqida birinchi bo‘lib Fransiya prezidenti Emmanuel Makron gapirgandi. U fevral oyi oxirida tegishli muhokamani boshlab, “bugungi kunda bu masala bo‘yicha konsensus yo‘qligini” ta’kidlagan.

Shundan so‘ng Fransiya Ukrainaga o‘z harbiy kontingentini yuborishga tayyor davlatlar koalitsiyasini tuzgan. Ushbu tashabbus Litva, Latviya va Estoniya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan. Shuningdek, Polsha koalitsiyaga qo‘shilish imkoniyatini istisno etmagan.

May oyi boshida Makron Ukrainaga qo‘shin yuborishning ikkita shartini aytib o‘tdi: Rossiya armiyasi front chizig‘ini yorib o‘tishi, Kiyev esa yordam so‘rab tegishli so‘rov yuborishi kerak. 

Shuningdek, Makron G‘arb ittifoqchilarini bunday imkoniyatni istisno qilmaslikka chaqirdi, chunki bu Yevropa Ittifoqi xavfsizligi va obro‘-e’tiborining “asosiy sharti” ekani ta’kidlandi.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinkenning aytishicha, Vashington konflikt kuchayishi ehtimoli sababli Ukrainaga harbiylarni yuborishga qarshi. U prezident Jo Bayden shunday pozitsiyada ekanini aytgan. Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron ham Ukrainada G‘arb qo‘shinlarining mavjudligi vaziyatni yanada og‘irlashtirishini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozircha bunday qadamga ehtiyoj yo‘q.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mart oyi o‘rtalarida “Ukraina turib berar ekan, Kiyevga konflikt zonasida xorijiy qo‘shinlar kerak emas”, dedi.

O‘z navbatida, Rossiya Ukrainada xorijiy qo‘shinlarning mavjudligi NATO bilan muqarrar to‘qnashuvga olib kelishidan ogohlantirgan.

Bu to‘liq miqyosli Uchinchi jahon urushiga bir qadam qolganini anglatadi, — degan Rossiya prezidenti Vladimir Putin.

Joylangan vaqt : (7 May 2024 00:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика