Medvedev Ukrainaga qo‘shin yuborgan davlatlarga yadroviy zarba berilishini aytdi

Ukrainaga qo‘shin yuborgan Yevropa davlatlari poytaxtiga yadroviy zarba beriladi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.

“Qo‘shinlarni Ukraina hududiga jo‘natish bu davlatlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri urushga kirishiga olib keladi va biz bunga javob qaytarishga majburmiz. Ukraina hududiga emas...Bunday holda, ularning hech biri Kapitoliyda ham, Yelisey saroyida ham, Dauning-strit 10’da ham yashirina olmaydi. Dunyo falokatga yuz tutadi. Aytgancha, Kennedi va Xrushyov buni 60 yildan ko‘proq vaqt oldin tushungan. Ammo G‘arbda hokimiyatni qo‘lga olgan hozirgi infantil ahmoqlar tushunishni xohlamaydi”, — deb yozgan Medvedev.

Rossiya yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazadi

Rossiya Mudofaa vazirligi yaqinda strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlarning mashg‘ulotlarini o‘tkazadi. Tegishli buyruq ularga Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan berilgan. Kremlning bildirishicha, rejalashtirilgan mashg‘ulotlar G‘arb rasmiylarining Ukrainaga qurolli kuchlarni yuborish haqidagi bayonotlari bilan bog‘liq.

“Rossiya Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni topshirig‘iga binoan, strategik bo‘lmagan yadroviy kuchlarning jangovar topshiriqlarni bajarishga tayyorligini oshirish maqsadida Bosh shtab yaqin kunlarda o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rishni boshlaydi. Mashg‘ulotlar davomida strategik bo‘lmagan yadro qurollarini tayyorlash va qo‘llash amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha bir qator tadbirlar o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.

Mashg‘ulotlarda Janubiy harbiy okrugning raketa tuzilmalari, aviatsiya va dengiz kuchlari ishtirok etadi.


Joylangan vaqt : (6 May 2024 23:00)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика