Eldor Shomurodov Italiyada tarixiy natija qayd etdi

Futbol bo‘yicha Italiya A Seriyasining 35-turida “Kalyari” 5-may, yakshanba kuni “Lechche”ga qarshi bahs olib bordi.

Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlandi. O‘zbekistonlik futbolchi Eldor Shomurodov zaxiradan maydonga tushirildi. 68-daqiqada Eldor Zito Luvumboning o‘rnini egalladi. Shomurodov uchrashuvda golli vaziyatda ishtirok etmadi.

“Kalyari” — “Lechche” o‘yini Eldor uchun tarixiy o‘yinga aylandi. Shomurodov A Seriyada 100-o‘yinini o‘tkazgan birinchi o‘zbek futbolchisi sifatida tarixga kirdi.

Umuman olganda, Eldor Yevropaning kuchli beshlik ligalarida yuzlik dovonni zabt etgan ilk o‘zbek futbolchisiga aylandi. 

Qayd etib o‘tish joiz, A Seriyada o‘ynagan birinchi o‘zbek futbolchisi bu Ilyos Zeytullayev hisoblanadi. Sobiq futbolchi A Seriyada 2 marta maydonga tushgan. 

Eslatib o‘tamiz, Eldor Italiyada “Jenoa”, “Roma”, “Spetsiya” va “Kalyari” kabi klublarda to‘p surgan. 28 yoshli futbolchi joriy mavsum 20 ta o‘yinda ishtirok etib, 3 ta gol va 3 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.


Joylangan vaqt : (6 May 2024 16:04)

Manba: www.daryo.uz
Tavsiya qilamiz
Яндекс.Метрика